❓Xorijiy universitetlarda olingan diplomlar Oʻzbekistonda qanday nostrifikatsiyadan oʻtkaziladi?
Nostrifikatsiya — xorijda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni O‘zbekistonda tan olish jarayoni bo‘lib, u Bilimni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Faqat 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlar qabul qilinadi.
Jarayon ikki shaklda o‘tadi:
• test sinovi asosida;
• sinovlarsiz.
Diplom quyidagi hollarda sinovlarsiz tan olinadi:
• QS, THE yoki ARWU reytinglarining Top-1000 taligiga kirgan universitetlarda tahsil olingan bo‘lsa;
• Prezident yoki hukumat hujjatlari asosida xorijda o‘qiganlar;
• Prezident yoki hukumat qarori bilan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlarda tahsil olganlar;
• davlat grantlari yoki kvotalari orqali, vazirlik yo‘llanmasi bilan o‘qiganlar.
Boshqa barcha holatlarda mutaxassislik bo‘yicha test topshiriladi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.
Kerakli hujjatlar:
• diplom va ilovasi;
• ularning davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi;
• pasport nusxasi;
• davlat boji to‘lov hujjati.
Davlat boji miqdori: BHMning 3 baravari.
Onlayn topshirilganda — 10% chegirma, nogironligi bor shaxslar va ijtimoiy reyestrdagilar uchun — 50% chegirma mavjud.
Hujjatlar PDF shaklida yuklanadi. Test sanasi oldindan rasmiy kanallarda e’lon qilinadi.












