O‘zbekistonning 9 ta oliygohi QS Barqaror rivojlanish reytingidan joy oldi!
18-noyabr kuni xalqaro ta’lim reytinglari bo‘yicha eng nufuzli tashkilotlardan biri — QS Quacquarelli Symonds “QS Sustainability Rankings 2026” natijalarini e’lon qildi. Mazkur reytingda dunyoning 2000 ga yaqin universiteti baholangan bo‘lib, O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasi ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Shu jumladan, 3 ta OTM Top-1000 talik universitetlar qatoridan joy oldi:
- Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti — 874-o‘rin
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 951-o‘rin
- O‘zbekiston Milliy universiteti — 970-o‘rin
Yana 6 ta universitet — Andijon davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Urganch davlat universiteti — 1501+ toifasidan o‘rin olgan.
Bu natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro barqarorlik mezonlarida bosqichma-bosqich o‘sib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.



